GIYOHVANDLIK — ASR VABOSI

Giyohvandlik insoniyat kelajagi uchun, millatlar istiqboli uchun, kishilar salomatligi uchun, yer yuzida yaxshilik hukm surishi uchun eng katta balolardan, dolzarb muammolardan bo’lib turibdi. Afsuslar bo’lsin-ki, kundan-kunga ko’plab kishilar, yoshlar, ayollar va bolalar giyohvandlikning halokat to’riga ilinmoqda. Bu giyohvandlikning kishilar sog’ligiga, oilalarga, iqtisodga, odob-axloqqa, umuman, inson hayotining barcha sohalariga solayotgan tahdidi kun sayin ortib bormoqda.
Ushbu illatga qarshi kurash o’ta ahamiyatli bo’lganidan musulmonlar uning birinchi safida bo’lmoqlari zarur. Chunki bu ish ular uchun vijdon amri, din-u diyonat amri, Allohning amri va habib Payg’ambari Muhammad sollallohu alayhi va sallam amridir.
Musulmon ulamolar fikricha, giyohvandlikka qarshi kurashda eng samarali usul Islom uslubidir. Alloh taolo Qur’oni karimda, Payg’ambarimiz sollallohu alayhi va sallam o’z sunnatlarida bayon qilib bergan yo’ldir. Chunki bu uslub dunyo tarixidagi eng samarali uslubdir.
Islom dini har zamon va har makonga salohiyatli ekanini hozirgi davrimiz muammolarini hal qilish uchun taklif etayotgan uslub va harakatlar majmuasidan tushunib olsak ham bo’ladi.
Xususan, siz va bizga mavzu bo’lib turgan giyohvandlik misolida bu masalani yaqqol tushunib, bilib olsa bo’ladi.
Imom Buxoriy rivoyat qilgan Payg’ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamning mashhur hadisi shariflarida: «Sizdan kim yomon ishni ko’rsa, uni qo’li bilan qaytarsin, agar bunga qodir bo’lmasa, tili bilan qaytarsin, agar unga ham qodir bo’lmasa, dili bilan, ana o’sha iymonning zaifligidandir», deganlar.
Bugungi kunda giyohvandlik yomon ishlarning ham eng yomonidir. Ushbu hadisi sharif hukmiga binoan giyohvandlikka qarshi kurash hammaning burchidir.
Birinchi navbatda imkoni borlar uchun mazkur kurash amaliy ravishda bo’lishi kerak.
Ayniqsa, giyohvandlikka qarshi kurashga mas’ul bo’lgan idoralar va shaxslar bu haqiqatni yaxshi anglab yetmoqlari zarur. Ular bu ishda sustkashlikka yo’l qo’yishlari aslo mumkin emas.
Giyohvandlikdan qaytarishning ikkinchi darajasi til bilan bo’ladi, qisqacha aytganda, ushbu baloga qarshi targ’ibot va tashviqot ishlarni olib borishdir.
Albatta, musulmon ulamolar bu ishlarning oldini olishda katta jonbozlik ko’rsatishlari lozim.
Giyohvandlikka qarshi kurashda mazkur sohalarning vakillari bilan bir qatorda har bir inson ham birga bo’lishi zarur. Bir og’iz so’z bilan bo’lsa ham, giyohvandlikka qarshi kurashdek savobli ishga har bir inson o’z hissasini qo’shmog’i lozim.
Ha, o’zini, oilasini, yaqinlarini, butun insoniyatni va kelajak avlodlarni o’ylagan har bir shaxs uchun giyohvandlikka qarshi kurashda faol bo’lish zarurdir. Har kim qo’lidan kelgan hissasini qo’shib burchini ado etmog’i shart. Bilib turib loqayd qarashga, beparvo bo’lishga hecham haqqimiz yo’q.

Xo’jayli tumani «Pirim Eshon bobo» jome masjidi noib-imomi Ulug’bek Egamberdiyev

About The Author

Жоқарыға